O`zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgandan so`ng, moliya-kredit mutaxassis kadrlariga bo`lgan talabning kuchayishini inobatga olib, Respublika Prezidentining 1991 yil 13 maydagi Farmoni bilan Toshkent Xalq Xo`jaligi institutining Moliya-kredit va hisob-iqtisod fakultetlari negizida 1991 yilning 1 iyunidan boshlab Toshkent Moliya institutining yetakchi fakulteti sifatida kredit-iqtisod fakulteti o`z faoliyatini boshladi.
Kredit-iqtisod fakultetiga 1991-1995 yillarda T.T. Qoraliyev., 1996-2001yillarda E. Egamov, 2001-2004 yillarda M. Erkaboyev, 2004 yildan boshlab hozirgi vaqtgacha F. Bozorov rahbarlik qilib kelmoqda.
Hozirgi vaqtda fakultet tarkibida 4 ta kafedra mavjud bo`lib, ular: "Bank ishi" (i.f.n., dos. S.Norkobilov), "Banklarda buxgalteriya hisobi va audit" (i.f.n., dos. T.Qolaliyev), "O`zbekistonda demokratik jamiyat qurish nazariyasi va amaliyoti" (f.f.d., prof. Z.Davronov), "Iqtisodiy geografiya va amaliyoti" (i.f.n., dos. I.Abulqosimov).
Fakultet kafedralarida 100 dan ortiq professor-o`qituvchi bo`lib, ular tarkibida 6 ta fan doktorlari va professorlar, 28 ta fan nomzodlari va dotsentlar, 24 ta katta o`qituvchi, 32 ta assistent va o`qituvchilar faoliyat olib bormoqdalar.
Fakultetda O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001 yil 16 avgustdagi "Oliy ta`limni davlat ta`lim standartlarini tasdiqlash to`g`risida" gi 343-sonli Qaroriga hamda O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligining 2002 yil 21-fevraldagi 54-sonli buyrug`i bilan tasdiqlangan va joriy etilgan Davlat ta`lim standartlari asosida bakalavr mutaxassislari tayyorlanmoqda.
Kredit-iqtisod fakulteti 5340700 - "Bank ishi" yo`nalishi bo`yicha respublika bank muassasalari uchun bakalavr mutaxassislarini tayyorlab beruvchi tayanch oliy o'quv yurti hisoblanadi.
5340700 - "Bank ishi" ta`lim yo`nalishini bitirgan mutaxassislar respublika tijorat banklarida milliy iqtisodiyot sub`yektlari va jismoniy shaxslarni kreditlash; hisob, kredit va valyuta operatsiyalar; xo`jalik yurituvchi sub`yektlarni kreditga layoqatliligini tahlili; pul muomalasining tahlili va bashorati; tijorat banklarida hisob-kitob, hisobot va auditning tashkil qilinishi; kreditlash va loyihalarni moliyalash hamda ularning monitoringi; lizing, faktoring va trast xizmatlarini tashkil qilish kabi kasbiy faoliyat bilan shug`ullanishlari mumkin.
"Bank ishi" bakalavriat yo`nalishi bo`yicha talabalarga bank ishi, monetar siyosat, pul muomalasi, bank menejmenti va marketingi, bank nazorati va auditni tashkil qilish va shu kabi 60 dan ortiq fanlar bo`yicha bilimlar majmui beriladi.
Fakultetning tashabbusi bilan, uning bank muassasalariga kadrlarni tayyorlab berishni inobatga olgan holda institut tomonidan O`zbekiston Respublikasi Markaziy Banki hamda Respublikadagi 28 ga yaqin tijorat banklari bilan uzoq muddatli hamkorlik shartnomalari imzolangan. Ushbu shartnomalarga ko`ra O`zbekiston Respublikasining "Kadrlar tayorlash Milliy dasturi" talablarini bajarish yuzasidan o`zaro manfaatli hamkorlik hamda kadrlarni tayyorlash va o`qitishni takomillashtirishga qaratilgan munosabatlar yo`lga qo`yilgan.